A A A

Bazaviy lavozim maoshlariga ustama olish uchun o‘tkaziladigan test sinovida ishtirok etadigan o‘qituvchilar uchun eslatma

            Test sinovi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan 2520-son bilan 2013 yil 31 oktyabrda o‘tkazilgan “Chet tillar o‘qituvchilarining lavozim maoshlariga oylik ustama belgilash uchun test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” hamda 2015 yil 19 yanvardagi 01-15-sonli buyrug’i bilan tasdiqlangan «Chet tillar o’qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlariga oylik ustama belgilash uchun test sinovlarini o’tkazish tartibi to’g’risidagi nizomga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish haqida»gi hujjat (O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015 yil 28 yanvarda ro’yxatdan o’tkazildi, ro’yxat raqami 2520-1) asosida o’tkaziladi.

O‘qituvchi biriktirilgan hududga test sinovi boshlanishidan bir soat oldin kelish kerak.

Test sinovi boshlanishidan bir soat oldin guruhlar bo‘yicha taqsimot bilan tanishib, qaysi guruhda ekanligini bilib olish kerak.

Guruh ro‘yxatidan o‘zining maxsus kodini (maxsus kod o‘qituvchining arizasi raqamiga mos keladi) yozib olishi kerak.

O‘qituvchilar test sinoviga shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport) asosida kiritiladi. Test sinoviga kechikib kelgan pedagoglar sinovga kiritilmaydi. Belgilangan vaqtda test sinovlariga kelmaganlar uchun qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazilmaydi.

Test sinoviga o‘qituvchi ustama xaq olish uchun test sinovidan o‘tish to‘g‘risidagi arizasi va pasporti asosida kiritiladi.

Test sinovi jarayonida o‘qituvchi faqat ko‘k sharikli ruchkadan foydalanishi talab etiladi.

Test sinovi o‘tkaziladigan binoga pedagog qo‘llanmalar, lug‘at, jadval, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargarkalar olib kirishi man etiladi.

Test sinovi jarayonida test materiallarini boshqalarga uzatish, ularga yordam berish, o‘zaro gaplashish, savollar kitobi varaqalarini yirtish mumkin emas.

Test sinovini o‘tkazish tartibini buzgan o‘qituvchilarga nisbatan dalolatnoma tuzilib, sinovdan chetlashtiriladi.

Test sinovi ikki bosqichda o‘tkaziladi: 1-bosqichda tinglab tushunish, o‘qish, leksik va grammatik kompetensiyalar, yozish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar, 2-bosqichda gapirish ko‘nikmasi baholanadi.

   Test topshiriqlari O‘zbekiston Respublikasi uzluksiz ta'lim tizimining davlat ta'lim standartlariga muvofiq tuziladi.

Tinglab tushunish bo‘limidagi topshiriqlarni bajarish va belgilashga 35 daqiqa, o‘qish bo‘limidagi topshiriqlarni bajarish va belgilashga 60 daqiqa, leksik va grammatik kompetensiyalar bo‘limidagi topshiriqlarni bajarish va belgilashga 40 daqiqa, yozish bo‘limidagi topshiriqlarni bajarishga 60 daqiqa, gapirish bo‘limida har bir pedagog uchun 15 daqiqa vaqt ajratiladi.

Tinglab tushunish, o‘qish, leksik va grammatik kompetensiyalar bo‘limlari bo‘yicha pedagogning ko‘rsatkichi har biridan 40 foizdan kam bo‘lmasa uning yozma ishi tekshiriladi. Yozma ish natijasi 50 foizdan kam bo‘lmasa, u yakuniy bosqichga – “gapirish” bo‘limi bo‘yicha bilimlarini sinashga kiritiladi.

   O‘qituvchi test savollariga javob berishdan oldin test savollari hamda yozma ish uchun berilgan javoblar varaqalarining raqamlarini bir biriga mosligini, savollar kitobida tipografik xato yoki boshqa nuqsonlar yo‘qligini tekshirishi lozim. Agar test savollari kitobi yoki javoblar varaqasi nuqsonli bo‘lsa yoki javoblar varaqalarining raqami bir biriga mos kelmasa darhol bu haqida auditoriya rahbariga xabar berishi kerak.

O‘qituvchi javoblarni belgilashda savollar kitobida javoblarni o‘zgartirishi mumkin, javoblar varaqasida esa har bir savolga berilgan javoblar variantining faqat bittasini belgilashi (mos blokdagi doirachani bo‘yashi) kerak. Javoblar varaqasini to‘g‘ri to‘ldirilishi uchun test topshiruvchi shaxsan javobgardir.

   To‘ldirilgan javoblar varaqasi test topshiruvchining bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjat hisoblanadi.

   Test sinovining har bir bo‘limi alohida baholanadi. Har bir bo‘lim uchun maksimal ball 30 ballni tashkil qiladi.

    Test sinovlarining tinglab tushunish, o’qish, leksik va grammatik kompetensiyalar bo’limlarining har biridan kamida maksimal ballning 40%, yozish va gapirish bo’limlarining har biridan kamida maksimal ballning 50%, jami kamida 66 ball yig’gan o’qituvchilar testdan muvaffaqiyatli o’tgan deb hisoblanadi.

   Ta'lim muassasasida chet tili fanidan faoliyat yuritayotgan pedagoglarning bazaviy lavozim maoshlariga oylik ustama belgilash uchun test sinovining ijobiy natijasi 3 yil muddatga amal qiladi.

   Test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tmagan pedagog kamida bir yildan keyin test sinovini navbatdan tashqari qayta topshirishi mumkin. Bunda, test sinovini qayta topshirish uchun pedagog tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining 20 foizi miqdorida to‘lov to‘lanadi.

   Uch yildan so‘ng pedagog ustama olish huquqini beruvchi test sinovidan qaytadan muvaffaqiyatli o‘tishi lozim.